O'zbekistonga tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari olib kirilganda bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu haqda 25-noyabr kuni imzolangan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida qayd etilgan.
Farmonga ko‘ra, atmosfera havosining RM 2.5 zarrasalari bilan ifloslanish manbalarini aniqlish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinadi.
Ushbu laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashtirilgan kichik stansiyalar, tashlanmalarning avtomatik monitoring stansiyalari, avtomatik kuzatuv postlari, chang-gaz tozalash uskunalari, lokal suv tozalash inshootlari hamda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.
Shu bilan birga, maxsus laboratoriyaga optik tahlillar olib borish uchun termooptic analizator uskunasi hamda atmosfera havosini namunalarini yig‘ib olish uchun 5000 dona kvarts filtrlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinadi.






