Inspektsiya xabariga ko‘ra, joriy yilning 26 noyabridan 2 dekabrigacha bo‘lgan muddatda 90 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasidan jami 191 ta namunalar olingan. Tahllilar natijasida 23 ta holatda 306 ming litrdan ortiq yoqilg‘i davlat standartlariga javob bermasligi aniqlandi.
Yanvar–noyabr oylarida esa respublika bo‘yicha 632 ta ob’ektda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 210 ta shoxobchada jami 8,5 million litrga yaqin sifatsiz mahsulot fosh etilgan. Mazkur yoqilg‘ilarning savdoga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmay, sifatni tiklash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar chog‘ida 70 ta AYOQShdan olingan 146 ta namunadan 18 tasi talabga javob bermagan. Bunda 205 ming litrga yaqin mahsulot sifatsiz deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga binoan 2025 yil 1 dekabrdan boshlab Ai-80 benzinini savdosi to‘xtatilgan.
Shuningdek, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sifatsiz mahsulot tufayli aholiga zarar yetgan taqdirda muvofiqlikni baholash organlari ham javobgarlikka tortilishi belgilangan.






