Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasini qabul qildi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va ustuvor qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi. Davlat rahbari O‘zbekiston “yashil” energetika sohasining strategik investori hisoblangan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugun bir nechta qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi: 752 megavatt quvvatga ega 4 ta shamol elektrostantsiyasi elektr tarmog‘iga ulandi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida umumiy quvvati 2,3 gigavattni tashkil etadigan 5 ta elektrostantsiya hamda 300 megavattli energiya saqlash tizimining qurilishi boshlandi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatini Toshkent viloyati bilan va Qoraqalpog‘iston Respublikasini Buxoro viloyati bilan bog‘laydigan umumiy uzunligi 1790 kilometrlik 500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini barpo etish boshlandi.
Uchrashuv davomida energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.






