IIV tezkor-qidiruv departamentining bergan xabariga ko‘ra, “Havfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida narkokurierlik bilan shug‘ullanib kelgan oliy ta’lim muassasasi 1-bosqich talabalari ushlandi.
Joriy yilning 4 dekabr sanasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhaga ko‘ra, ushbu talabalardan biri tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olinadi va bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda shu hududdan o‘tayotgan fuqaro tomonidan olingan videotasvir omma orasida tarqab ketadi.
Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 2 nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda, yonidan 120 gr Alfa PVP sintetik giyohvand moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 2007 yilda tug‘ilgan talabaning vaqtincha yashab kelayotgan universiteti yotoqxonasi ko‘zdan kechirilganda 400 gr Alfa PVP sintetik giyohvand moddalari borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu 2 talaba ushbu sintetik giyohvand moddalarni tanishi tashlab bergan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, aytilgan lokatsiyalarga yuborishgan.
Tezkor tadbirlar natijasida bir marotabalik 2600 ta dozaga teng bo‘lgan jami 520 gr sintetik giyohvand moddalarining noqonuniy muomalasi oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu narkokurier talabalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga ko‘ra 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, sintetik giyohvandlik vositalarining manbaini hamda qolgan jinoyiy sheriklarini aniqlish maqsadida “Havfsiz va sog‘lom yurt” tezkor tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.






