AsosiyJamiyat

Yer sotuviga oid korrupsion sxemalar fosh etildi

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

'Yer sotuviga oid korrupsion sxemalar fosh etildi'ning rasmi

Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer ajratish va hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq noqonuniy bitimlar ustidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bir nechta shaxslar qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda bir nechta noqonuniy holatlar aniqlandi.

Ohangaron tumanidagi unitar korxona yuristi o‘z tanishlari orqali Nurafshon shahrida parrandachilik uchun ajratilgan 90 sotix yer maydonini 250 ming dollarga "sotib berishini" aytgan. Shuningdek, yerdagi kottejlarni qurishga ruxsat olib berishni va’da qilib, buning evaziga qo‘shimcha 30 ming dollar so‘ragan. U avans sifatida 40 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan.

Qashqadaryoda esa gaz ta’minoti bo‘limi xodimi davlat zaxirasidagi 1 gektar yerni 500 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olganida ushlangan.

Boshqa holatda, Buxoroda maklerlik bilan shug‘ullanuvi, ilgari sudlangan shaxs 1 250 kvadrat metrli ko‘chmas mulk toifasini o‘zgartirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgani uchun qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda, shuningdek, ishga aloqador boshqa shaxslar ham aniqdanmoqda.

    Boshqa yangiliklar