8 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti global gumanitar ehtiyojlar rekord darajada oshgan bir paytda yordam mablag‘lari keskin kamaygani haqida ma’lum qildi. BMT bu yil kutganidan ancha kam — 2026 yil uchun 23 milliard dollar so‘rashga majbur bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, bunga AQSh prezidenti Donald Trump va boshqa yirik donorlarning keskin qisqartirishlari sabab bo‘lgan.
23 milliard dollarlik so‘rov BMTni o‘n millionlab muhtojlarga yordamni to‘xtatishga majbur qilmoqda — tashkilot endi faqat hayoti bevosita xavf ostida qolgan insonlarni ustuvor deb belgilamoqda.
“Biz haddan tashqari bosimdamiz. Moliyaviy ta’minot yetarli emas, doimiy hujum ostidamiz. Go‘yo olov sari ketayotgan tez yordam mashinamiz, ammo bakda yo‘qilg‘i tugayapti”, — dedi BMTning gumanitar yordam bo‘yichi rahbari Tom Fletcher.
O‘tgan yili BMT 2025 yil uchun 47 milliard dollar so‘ragan, biroq Trump ma’muriyatining va Germaniyaning qisqartirishlari tufayli bu raqam keskin kamaygan. Noyabr holatiga ko‘ra, BMT bor-yo‘g‘i 12 milliard dollar olgan — bu so‘nggi 10 yildagi eng past ko‘rsatkich.
2026 yilgi reja bo‘yicha 87 million kishi ustuvor toifa sifatida belgilangan, biroq umumiy ehtiyoj 330 milliondan ortiq odamni qamrab oladi. Mablag‘ bo‘lganda BMT 33 milliard dollarga 135 million kishiga yordam bera olardi.
Yangi byudjetning 4 milliard dollari Falastin hududlariga, ayniqsa urushdan vayron bo‘lgan G‘azaga yo‘naltiriladi. Ikkinchi yirik paket Sudanga, keyingisi esa Suriyaga mo‘ljallangan.
Fletcherning aytishicha, dunyo ocharchilik, kasallik va zoravonliklar kuchayishi havfi bilan juda qo‘rqinchli stsenariyga yaqinlashmoqda. Gumanitar agentliklar esa asosan G‘arb davlatlarining ixtiyoriy badallariga tayanadi.
AQSh hali ham eng yirik donor bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, uning ulushi so‘nggi yillarda uchtan bir qismdan 15,6 foizgacha kamaygan.






