Hodisa mashhur "Birch By Romeo Lane" tungi klubida tong oldida yuz bergan. Yong‘in oqibatida 25 kishi hayotdan ko‘z yumdi — ularning ko‘pi klubda ishlagan migrant xodimlar, besh nafari esa sayyohlar edi. Klub menejeri hibsga olingan, egasi qidirilmoqda.
Jharkhandlik aka-uka Binod va Pradeep Mahto oshpaz bo‘lib ishlayotgan, kelasi yilda to‘y qilishga hozirlik ko‘rayotgan edi. Ularning tobuti dushanba kuni vatanga yetib keldi.
Rojdestvoda uyiga qaytishni rejalashtirgan 22 yoshli Mohitning onasi esa o‘g‘li bilan so‘nggi bor gaplashib ulgurganini aytib, ohu zor bo‘lmogda.
Uttarakhandlik Satish Rana atigi ikki oy oldin Goa‘ga ish izlab borgan edi, uning o‘limi butun qishloqni motamga cho‘mdirdi.
Karnatakalik 25 yoshli data-mutaxassis Ishaq do‘stlari bilan sayohatda bo‘lgan, yong‘in paytidagi talvasa sabab halok bo‘lgani aytilmoqda.
Dillilik bir oila a’zolari ham yong‘inda jon berdi, faqat bir ayol tirik qolgan. Bu ularning Goa‘ga ilk sayohati bo‘lgani ma’lum qilindi.
Hokimiyat yong‘inning sababini va xavfsizlik qoidalari buzilgan-buzilmaganini o‘rganmoqda. Ammo oila a’zolari uchun bu surishtiruvlar yaqinlarini qaytara olmaydi — fojiadan keyin butun hudud motamga cho‘mgan.






