Ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga bog‘langan bank kartalaridan foydalanuvchilarning ruxsatisiz pullar yechib olinganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Markaziy bank holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olinganligi haqida murojaatlar Markaziy bankka 8 dekabr kuni soat 08:30 atrofida kelib tushgan. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida Octogram AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 9 dekabr holatiga ko‘ra Humans mobil ilovasi orqali Octogram AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan.
“Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali transaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmogda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi”, deyiladi Markaziy bank xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yoz oyida Octobank Humans’ni sudga berib, undan 500 milliard so‘m moliyaviy zararni undirish bo‘yicha sudda yutib chiqqandi. “O‘zbektelekom” ham Humans katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelganini ma’lum qilgan edi. Shu munosabat bilan mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga da’vo arizasi kiritilgandi.






