DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda 1985 yilda tug‘ilgan Termiz shahri fuqarosi “Kobalt” rusumli avtomobilida 50 kg 978 g gashish olib ketayotgan vaqtda to‘xtatib qolindi. Tekshiruv davomida uning yashash uyidan qo‘shimcha 186 g gashish topilgan.
Uning 1986 yilda tug‘ilgan Sherobod tumanidagi jinoyiy sherigi ham qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar Afg‘onistonlik kuryerlar orqali aylanma yo‘llardan mamlakatcha olib kirilgan va sotish rejalashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri ilgari narkotik savdosi, ikkinchisi esa firibgarlik uchun sudlangan.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan boshqa tadbirda esa Uchtepada yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs “Telegram” orqali sintetik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan kelgani aniqlandi, 225 g “Alfa PVP” bilan qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng uning 2005 yilda tug‘ilgan tanishi ham 2 dona “Regapen” kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi bilan ushlangan. U mazkur dorini Mirzo Ulug‘bek tumanidagi dorixonadan sotib olganini aytgan.
Tadbir davomida dorixonaning norasmiy sotuvchisi 14 dona “Regapen”ni 1,2 mln so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi. Yordamchi ombordan esa hujjatsiz saqlanayotgan 20 200 dona “Gabatan”, 823 dona “Regapen”, 100 dona “Galara”, 4 dona “Torgabalin” kabi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi.
Hozirda barcha shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan, ularga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan va tergov harakatlari davom etmoqda.






