Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ispaniyaning “Barselona” futbol klubini sotib olish bo‘yicha yirik taklif bilan chiqishi mumkin. Bu haqda Zamon.uz nashri ma’lum qildi.
Jurnalist Fransua Gallardonning ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotiga ko‘ra, valiahd shahzoda klubni xarid qilish uchun 10 milliard evro miqdorida taklif kiritishni rejalashtirmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, “Barselona” klubini boshqaruvchi rahbariyat a’zolari mazkur oldi-sotdi bitimini ma’qullamasligi va jarayonni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Goal nashrining yozishicha, Saudiya Arabistonining Davlat investitsiya jamg‘armasi klubning ayrim tijorat bo‘linmalariga investitsiya kiritish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Kataloniya klubining umumiy qarzdorligi 2,5 milliard evroni tashkil etadi.






