Ohangarondagi manzil koloniyasidan qochib, 3-sinf o‘quvchisini zo‘rlashi aytilayotgan M.T.ga nisbatan jinoyat ishi sudga chiqdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi JIB Ohangaron shahar sudida ko‘rilmoqda. 1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan sudlanuvchi 9 yoshli jabrlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi va 119-moddasi 4-qismi bilan ayblanmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq, ish yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, M.T. 16 oktyabr kuni Ohangaron tumanidagi 50-son manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan vaqtda foydali mehnatga jalb qilingan va shu payt “noma’lum tomonga ketib qolgan”. U shu kunning o‘zida ushlanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sud jarayoni yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.






