24 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi sakkiz yilda viloyatga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgani, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgani qayd etildi.
Joriy yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi 17,2 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, qashshoqlik darajasi 9,3 foizdan 5,6 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, Surxondaryoning sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi. Viloyatda mavjud qazilma boyliklar 600 milliard dollarga baholansa-da, ularning atigi kichik qismi o‘zlashtirilgan.
Yig‘ilishda kelgusi yilda 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyiha boshlash, infratuzilmaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish, turizm va qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish vazifalari belgilandi.
Davlat rahbari Surxondaryoni investitsiya, ish o‘rinlari va eksport sur’atlari eng tez o‘sadigan hududlardan biriga aylantirish zarurligini ta’kidladi.






