Prezidentning 26 dekabr kuni qabul qilingan farmoniga muvofiq, Ijtimoiy reestriga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning aniq mexanizmlari belgilandi. Yangi tartib ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kirgan oilalarga bolalar puli va moddiy yordam oila mazkur maqomda bo‘lgan davrda, a’zolarning bandligidan qat’i nazar, avtomatik tarzda to‘lab boriladi. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati 12 oy o‘tgach qayta baholanadi.
“Kam ta’minlangan oila” toifasidagi oilalarga bolalar nafaqasi dastlab 6 oy muddatga, mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash sharti bilan tayinlanadi. Agar bandlik ta’minlansa, to‘lovlar uzluksiz davom etadi, aks holda to‘xtatiladi.
“Kam ta’minlanganlik chegarasidagi oila” toifasiga kirgan oilalarga esa bolalar puli 6 oy davomida beriladi. Oilaning jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlariga yaqinlashgan sari nafaqa miqdori 75 yoki 50 foizgacha kamaytiriladi.






