O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu 27 dekabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirish doirasida yangi ilmiy ishlanmalar sonini va ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini uch baravar oshirish, ilmiy xodimlar orasida yoshlar ulushini 60 foizga yetkazish hamda xorijda faoliyat yuritayotgan ilmiy diasporani mamlakatar ilm-faniga qayta jalb etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ilm-fan va sanoat integratsiyasini kuchaytirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. 2026 yildan boshlab davlat ilmiy dasturlari doirasidagi barcha loyihalar sifatini oshirish uchun ularni baholovchi ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga binoan hamrais nomzodlari kiritiladi.
2026 yil 1 apreldan Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlar ishtirokida ilmiy xodimlar va muassasalar faoliyatini baholashning KPI va reyting tizimi joriy etiladi. 2026 yil 1 yanvardan esa ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va yosh olimlarni rag‘batlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi faoliyat boshlaydi.






