Toshkentda giyohvandlik moddalari savdosi uchun Telegram-bot ochib, turli kriptohamyonlar orqali 2 mln 375 ming dollarlik kriptoaktiv aylanmasini amalga oshirganlar ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Telegram messenjerida noqonuniy giyohvandlik vositalari, ularning analogalari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus bot fosh qilingan. Shuningdek, ushbu bot orqali kriptoaktivlarni olish, o‘tkazish, ayrboshlash bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan poytaxtning Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 1997 yil yilda tug‘ilgan A. , 2001 yilda tug‘ilgan Sh. va T. ismli shaxslar qo‘lga olingan va ular tomonidan mazkur bot boshqarilib kelinayotgani aniqlandi. O‘tkazilgan tadbir davomida 4 dona telefon, 3 dona noutbuk, 12 dona turli xildagi bank plastik kartalari, 11 dona simkartalar, qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik moddalar topilib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar A. hamda Sh. ning telefon apparati ko‘zdan kechirilganda xorijiy hamda boshqa elektron kriptohamyonlar orqali 95 mingga yaqin transaktsiyalar amalga oshirilgani va umumiy hisobda 2 mln 375 ming dollarga teng bo‘lgan miqdordagi kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgani aniqlandi. Shuningdek, gumonlanuvchi Sh. bilan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida mazkur shaxslar tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analogalari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus kanal ular tomonidan boshqarilgani aniqlandi.
Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi A. ning xonadoni xolislar bilan ko‘zdan kechirilganda, uning yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-(Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish), 243-(Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legalashtirish) va 251-1-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analogalari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharlı moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi tanlangan.






