O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxonov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, migratsiya jarayonlarida fuqarolarning insoniy qadr-qimmatini kamsitishning oldini olishga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bosh konsullari, Rossiya diplomatik vakolatxonasi konsullik bo‘limi rahbarlari va migratsiya masalalari bo‘yicha mas’ullar ishtirok etdi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni kuchaytirish, ikki tomonlama uchrashuvlar va muntazam konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish zarurligini qayd etdi.






