Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlamni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga alohida e‘tibor qaratiladi.
Shuningdek, faol madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, ikki mamlakat yetakchilari qator qo‘shma tadbirlarda ishtirok etadilar.






