Taqlidmotda Navoiy xalqaro aeroporti mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanayotgani, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Aeroportni “Uzbekistan Airports” AJdan mustaqil operativ boshqaruvga o‘tkazish, mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berish taklif etildi.
Aeroport daromadlarini infratuzilmani yangilash, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish hamda havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlariga yo‘naltirish orqali aviatsiya xizmatlari eksportini oshirish rejalashtirilmoqda. Biznes rejaga ko‘ra, doimiy parvozlar soni 25 tadan oshirilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan ortiq bo‘ladi.
Shuningdek, aeroport hududida “porto-franko” erkin bojxona zonasi tashkil etish, 2029 yilgacha maxsus texnika va ehtiyot qismlarni bojxona to‘lovlaridan ozod qilish belgilandi.
Yig‘ilishda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” korxonalarini transformatsiya qilish, 2026 yildan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishni to‘xtatish, xarajatlarni qisqartirish va raqamlashtirishni jadallashtirish masalalariga alohida e‘tibor qaratildi.
Bundan tashqari, fuqaro aviatsiyasi sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlari muhokama qilindi. Ushbu ta’lim muassasalari yetakchi xalqaro aviatsiya markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






