AsosiyJamiyat

Mirziyoyev suv tejovchi texnologiyalarni 80 foizga yetkazish rejalari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni suv resurslaridan samarali foydalanish hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

'Mirziyoyev suv tejovchi texnologiyalarni 80 foizga yetkazish rejalari bilan tanishdi'ning rasmi

Ayni paytda mamlakatda suv tejovchi texnologiyalar 2,6 million gektar maydonda joriy qilingan bo‘lib, bu sug‘oriladigan yerlarning 60 foizini tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, 2017 yilgacha bu ko‘rsatkich atigi 19 ming gektar bo‘lgan. Natijada har yili 2,5 milliard kub metr suv tejamoqda.

Taqdimotda 2028 yilgacha yana 930 ming gektar yerda mazkur texnologiyalarni o‘rnatib, qamrovni 3,5 million gektarga — ya’ni sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalari muhokama qilindi. Bu orqali har yili 3,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash hamda takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda davlat qo‘llab-quvvatlashining yangi mexanizmlari taklif etildi. Jumladan, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda subsidiyalarga 1,25 koeffitsient qo‘llash, o‘z mablag‘i hisobidan texnologiya joriy etgan fermerga subsidiyalarning 50 foizini oldindan ajratish, tomchilatib sug‘orish uchun kredit foizlarini qisman qoplash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, suv hisobini raqamlashtirish maqsadida sholi va baliqchilik xo‘jaliklarida “aqlli” suv o‘lchagichlar o‘rnatiladi, nazorat ishlarida dronlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Suv tejovchi texnologiyalardan maqsadsiz foydalanish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanishi belgilandi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi: joriy yil “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 10 ming nafar fermer xo‘jaligi xodimining malakasi oshirilishi, 358 nafar mutaxassis xorijga o‘qishga yuborilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar