Norvegiyada sobiq bosh vazir, Nobel qo‘mitasining sobiq raisi va Evropa Kengashining sobiq bosh kotibi Turbyorn Yaglandga nisbatan korruptsiya gumoni bilan tergov boshlandi. Bu haqda mamlakatning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘linmasi – Oekokrim ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tergov boshlanishiga yaqinda maxfiylikdan chiqarilgan va Jeffreys Epsteyn ishi bilan bog‘liq hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlar asos bo‘lgan. Oekokrim bayonotida aytilishicha, hujjatlar qamrab olgan davrda Yagland Nobel qo‘mitasi raisi hamda Evropa Kengashi bosh kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Hozircha Yaglandga nisbatan aniq ayblovlar ilgari surilmagan. Biroq tergov uning avval egalagan lavozimlari bilan bog‘liq holda sovg‘alar olgani, safar xarajatlari qoplab berilgani va qarz mablag‘lari olingani ehtimolini qamrab oladi. Shuningdek, politsiya Yaglandga xalqaro tashkilot rahbari sifatida berilgan diplomatik immunitetni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Turbyorn Yagland 1996–1997 yillarda Norvegiya bosh vaziri, 2000–2001 yillarda tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. U 2009–2019 yillarda Evropa Kengashi bosh kotibi, 2009–2015 yillarda esa Nobel qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.
Jeffreys Epsteyn 2008 yilda voyaga yetmagan shaxsni zo‘rlashda aybdor deb topilgan, 2019 yilda esa AQShda yana qo‘lga olingan. O‘sha yilning avgust oyida u qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan. Uning sherigi Ghislaine Maxwell esa jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga ko‘maklashganlik uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.






