Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ramazon oyi arafasida ichki bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta'minlash choralarini kuchaytirishini ma'lum qildi. Yirik savdo tarmoqlari hamda hududlardagi savdo komplekslariga ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nazoratda ushlab turish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ramazon oyida dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Qo‘mita yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan narxlarning o‘zgartirilishi, logistika xarajatlari va boshqa omillar yuzasidan tezkor ma'lumot berib borish zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, yetkazib beruvchilarni asossiz narx oshishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish topshirilgan.
Ma'lum qilinishicha, qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini barqaror saqlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi. Turkiy davlatlar tashkiloti Fatvo hay’ati qaroriga ko‘ra, ramazon oyi 19 fevraldan boshlanadi.






