AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev tavsiyasiga binoan Navoiy viloyatiga yangi hokim saylandi

2016 yil 25 dekabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi. 

Sessiyada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi. 

Navoiy viloyati haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, er osti va er usti boyliklari, ulkan salohiyati ko`z oldimizda namoyon bo`ladi, dedi Prezidentimiz. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan ushbu viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda. 

Joriy yilning to`qqiz oyida yalpi hududiy mahsulot qariyb 7 milliard 440 million so`mni tashkil etib, o`sish sur`ati 5,9 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4,2 foiz, iste`mol tovarlari 14,8 foiz, qishloq xo`jaligi 6,7 foiz, qurilish ishlari 11,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 15 foiz, jami ko`rsatilgan xizmatlar 15,5 foizga o`sishi ta`minlandi. 

Viloyatda hududiy korxonalar tomonidan jami 43 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 17 korxonada 57 loyiha bo`yicha tayyor mahsulot hamda materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo`lib, 9 oyda 47 milliard 600 million so`mlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi. 

Hozirgi kunda viloyatda 17 yirik sanoat korxonasi faoliyat ko`rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va “Elektrkimyozavodi” qo`shma korxonasi shular jumlasidandir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona faoliyati samarali yo`lga qo`yilgan bo`lib, ular tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 

Navoiy viloyatining mehnatkash xalqi doimo ilg`orlar safidan munosib o`rin egallab kelgan, dedi Shavkat Mirziyoev. Buni keyingi yillarda viloyatda erishilayotgan ulkan yutuq va marralar misolida ham ko`rish mumkin. Viloyatning bunday ulkan salohiyati e`tiborga olingan holda, eng muhimi, aholining tobora o`sib borayotgan talab va ehtiyojlarini ta`minlash, viloyatda mavjud resurs va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish borasida qilinadigan ishlar ko`pligi alohida ta`kidlandi. 

Sessiyada bandlik masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Bunda aholi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta`minlash, zamonaviy ish o`rinlari yaratish davlatimiz, butun jamiyatimizning diqqat markazida turishi lozim. 

Davlatimiz rahbarining Konstitusiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida aholi murojaatlari bilan ishlashda sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o`tish zarurligi ta`kidlandi. Bu borada birinchi navbatda rahbarlar – bu vazirlik va idoralar rahbarlari bo`ladimi, viloyat, shahar, tuman hokimlari bo`ladimi – barchasi o`z zimmasiga katta mas`uliyat yuklatilganini unutmasligi lozim. 

Sessiyada tashkiliy masala ko`rildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tavsiyasiga binoan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Qobul Tursunov Navoiy viloyati hokimi etib saylandi. 

«Mahalla» xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo`limi raisi Normurod Isoqov, Konimex tumanidagi "Kenimex tani" gazetasi muxbiri Xonimgul Norboeva, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi muzeyi direktori Olga Sashina va boshqalar Prezidentimiz nutqida bayon etilgan fikrlardan zarur xulosalar chiqarib, ko`rsatib o`tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, viloyat ahli oldida turgan dolzarb vazifalarni bajarish, islohotlar samaradorligini yanada oshirish uchun Navoiy viloyati aholisi astoydil mehnat qiladi va ko`zlangan marralarga albatta erishadi, deb ta`kidladi. 

   *                   *                   *

Shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Navoiy kon-metallurgiya kombinati va "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatining istiqboldagi rejalari bilan tanishdi.  

Davlatimiz rahbari  "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida ham bo`lib, bu erda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko`zdan kechirdi. Mazkur iqtisodiy zona faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

 

    Boshqa yangiliklar