AQSh hukumati somalilik futbol hakami Umar Abdulqodir Artanning mamlakat hududiga kirishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Zamon.uz agentligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur qaror sabab Artan 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati oldidan o'tkazilayotgan tayyorgarlik mashg'ulotlarida ishtirok eta olmaydi hamda musobaqa uchrashuvlarini boshqarish imkoniyatidan mahrum bo'ladi.
U Jahon chempionati o'yinini boshqaradigan tarixdagi ilk somalilik hakam bo'lishi kutilgan edi.
Somali hukumati hakamning AQShga kirishiga ruxsat berilishi uchun AQSh rasmiylari va FIFA bilan muzokaralar o'tkazganini ma'lum qildi. Biroq bu harakatlar hozircha natija bermagan.
Mamlakat Sport vazirligi bayonotida Umar Abdulqodir Artanning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari Somali xalqi uchun katta faxr manbai ekani ta'kidlangan.
Reuters’ning yozishicha, Somali tomoni hakamning mundialda ishtirokini ta'minlash bo'yicha diplomatik sa'y-harakatlarni davom ettirmoqda.
FIFA esa viza va immigratsiya masalalari mezbon davlat vakolatiga kirishini bildirib, bunday qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etmasligini ma'lum qildi. Tashkilot Artan qaysi uchrashuvga tayinlanganiga oid ma'lumotni ham oshkor qilmagan.
AQSh Bojxona va chegara nazorati xizmati ma'lumotiga ko'ra, Istanbuldan Mayamiga uchib kelgan Somali fuqarosi qo'shimcha tekshiruvdan o'tkazilgan. Tekshiruv yakunlari bo'yicha unga mamlakat hududiga kirishga ruxsat berilmagan.
Idora bunday qarorlar milliy xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish hamda immigratsiyaga oid ma'lumotlar asosida har bir holat bo'yicha alohida qabul qilinishini bildirgan.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko'ra, 2025 yilda Afrikaning eng yaxshi erkak hakami deb topilgan Artanda AQShga kirish uchun amaldagi viza bo'lgan.
Hakamning o'zi esa yuzaga kelgan vaziyatga qaramay, faoliyatini davom ettirishi va kelgusi vazifalariga e'tibor qaratishini ma'lum qilgan.






