2026 yilgi futbol bo'yicha Jahon chempionati ochilish uchrashuvida Meksika terma jamoasi Janubiy Afrika ustidan 2:0 hisobida g'alaba qozondi.
Musobaqaning ilk bahsi Mexiko shahridagi mashhur "Asteka" stadionida bo'lib o'tdi. Uchinchi bor Jahon chempionati o'yinlariga mezbonlik qilayotgan arenadagi uchrashuvni braziliyalik hakam Vilton Sampayo boshqardi.
O'yin tezkor gol bilan boshlandi. Meksika hujumchisi Xulian Kinyones 9-daqiqada hisobni ochib, mundialning dastlabki goliga mualliflik qildi.
Ikkinchi bo'limda esa maydondagi vaziyat Janubiy Afrika uchun yanada og'irlashdi. 49-daqiqada yarim himoyachi Yaya Sixole qo'pol harakati uchun to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olib, jamoasini bir kishi kam holda qoldirdi.
Meksikaliklar son jihatidan ustunlikdan unumli foydalandi. 67-daqiqada tajribali hujumchi Raul Ximenes hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirib, jamoasining g'alabasini deyarli ta'minladi.
Uchrashuvning 84-daqiqasida VAR yordamida ko'rilgan epizoddan so'ng Janubiy Afrika hujumchisi Temba Zvane raqibining yuziga zarba bergani uchun maydondan chetlatildi. Shu tariqa afrikaliklar bahsning qolgan qismida to'qqiz nafar futbolchi bilan harakat qilishga majbur bo'ldi.
Qiziqarlisi, qo'shimcha vaqtning ikkinchi daqiqasida Meksika himoyachisi Sesar Montes ham qizil kartochka oldi. Natijada mundialning ochilish uchrashuvida hakam tomonidan jami uchta qizil kartochka ko'rsatildi.
Shunday qilib, Meksika terma jamoasi "A" guruhidagi ishtirokini ishonchli g'alaba bilan boshlab, 3 ochko bilan peshqadamga aylandi. Janubiy Afrika esa birinchi turdan keyin ochkosiz qoldi.
Guruhning yana bir uchrashuvida Janubiy Koreya va Chexiya terma jamoalari o'zaro bahs olib boradi. Mazkur o'yin Toshkent vaqti bilan 18 iyun kuni soat 07:00 da start oladi.






