Uyinda hisob 9-daqiqada ochildi. Meksikalik hujumchi Julian Quinones mundialning ilk goliga mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limda esa tajribali forvard Raul Ximenes hisobni ishonchli ko‘rinishga olib keldi.
Uchrashuv keskin kurashlarga boy o‘tdi. Janubiy Afrika terma jamoasining ikki nafar futbolchisi qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Natijada jamoa bahsni to‘qqiz nafar futbolchi bilan yakunladi. Qo‘shimcha daqiqalarda Meksika ham bir o‘yinchisidan ayrildi.
Shu tariqa mezbollar jahon chempionatini ishonchli g‘alaba bilan boshlab, guruhdagi dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Birinchi turning yana bir uchrashuvida Janubiy Koreya va Chexiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Muxlislarga dramatik bahs taqdim etgan uchrashuvda irodali g‘alaba qayd etildi.
Hisob 59-daqiqada ochildi. Chexiyalik himoyachi Ladislav Kreychi bosh bilan yo‘llagan aniq zarbasi orqali o‘z jamoasini oldinga olib chiqdi.
Biroq koreyaliklar taslim bo‘lmadi. 67-daqiqada Hwang In Bom muvozanatni tikladi. Oradan 13 daqiqa o‘tgach, zaxiradan maydonga tushgan Oh Hyeon Gyu g‘alaba golini kiritdi.
Shu tariqa Janubiy Koreya kambek amalga oshirib, Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi va jahon chempionatidagi ishtirokini muhim g‘alaba bilan boshladi.






