AQShning Filadelfiya shahridagi "Linkoln Faynenshel Fild" stadionida bo'lib o'tgan uchrashuvni fransiyalik hakam Fransua Leteksye boshqarib bordi. Keskin va murosasiz kurashlar ostida kechgan o'yinda Kot-d'Ivuar terma jamoasi minimal hisobda g'alaba qozondi — 1:0.
Uchrashuvning birinchi bo'limida har ikki jamoa bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan bo'lsa-da, hisob ochilmadi. Ikkinchi taymda ham darvozalar daxlsiz qolib keldi. O'yin taqdiri hal bo'layotgan pallada, aniqrog'i 90-daqiqada Kot-d'Ivuar hujumchisi Amad Diallo raqib darvozasini ishg'ol etib, jamoasiga muhim uch ochkoni taqdim qildi.
Mazkur g'alabadan keyin Kot-d'Ivuar terma jamoasi hisobida 3 ochko mavjud bo'lib, to'plar nisbatiga ko'ra guruhda ikkinchi o'ringa joylashdi. Ye guruhida peshqadamlikni Germaniya terma jamoasi saqlab turibdi. Nemislar birinchi turda mundial debyutanti Kyurasao jamoasini 7:1 hisobida mag'lub etgan edi.
Guruhning ikkinchi turida Kot-d'Ivuar Germaniyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv 20 iyun kuni bo'lib o'tadi. Ekvador esa 21 iyun kuni Kyurasao bilan bahs olib boradi.
Ma'lumot uchun, futbol bo'yicha 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksikada o'tkazilmoqda. Turnirning amaldagi chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.






