Bugun, 17 iyun kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati guruh bosqichining birinchi turidan o‘rin olgan Avstriya va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bahs avstriyaliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 20-daqiqada ochildi. Avstriya terma jamoasi yarim himoyachisi Romano Shmid raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Tanaffusdan keyin Iordaniya mundiallardagi ilk golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 50-daqiqada Ali Olvannning aniq zarbasi hisobni tenglashtirdi.
Biroq o‘yinning hal qiluvchi palladasida omad Iordaniyadan yuz o‘girdi. 76-daqiqada himoyachi Yazan Al-Arab to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘yib, Avstriyani yana oldinga chiqardi.
Bahsga nuqtani esa tajribali hujumchi Marko Arnautovich qo‘ydi. U qo‘shimcha vaqtning 12-daqiqasida belgilangan penaltidan unumli foydalanib, jamoasining uchinchi golini urdi.
Shu tariqa, Avstriya terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini ishonchli g‘alaba bilan boshladi. Birinchi turdan so‘ng avstriyaliklar Argentina bilan birga “J” guruhida peshqadamlik qilmoqda.
Endi Avstriya terma jamoasi 22 iyun kuni Argentinaga qarshi maydonga tushsa, Jahon chempionati debyutanti bo‘lgan Iordaniya 23 iyun kuni Jazoir bilan bahs olib boradi.






