AQShda yashovchi olti yoshli qizcha uxlab yotgan onasining iPhone`ni ekranini blokdan chiqardi va 250 dollar pul sarflab, o`yinchoqlar sotib oldi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
Arkanzas shtatida yashovchi Betani Xauell qizchasi Eshlindni uxlatishdan avval kino ko`rmoqchi bo`ldi, biroq qattiq charchagani sabab, o`zi uxlab qoldi.
Divan yonidagi stolda smartfon turgan edi. Eshlind iPhone`ni oldi va uni uxlab yotgan onasining barmog`i yordamida blokdan chiqardi.
Xauellning aytishicha, avvallari u qiziga telefonidan YouTube`da multfilm tomosha qilishga ruxsat berardi.
Biroq bu safar Eshlind Amazon`ni ochdi va 13 ta o`yinchoq sotib oldi.
“Men o`z akkauntimni kimdir buzib kirgan, deb o`yladim”,—deydi Xauell. Keyinroq u etkazib berish xizmatidagi o`z manzilini ko`rdi va bu qizining ishi ekanligini angladi.
Xaridni uning qizi Eshlind avtomatik tarzda anketa to`ldirish funksiyasi orqali uddalagan. Bundan tashqari, to`lov kartasiga tegishli ma`lumotlar tizimda saqlangan edi.
Amerikalik ayolga Amazon kompaniyasi faqatgina 4 ta o`yinchoqni qaytarib berishga ruxsat berdi.