Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekistonni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida Moliya vazirligi, uning tarkibiy tuzilmalari va apparatining ish yuritish shakli va usullariga alohida e`tibor qaratdi.
Prezident hukumatning aksariyat topshiriqlari belgilangan muddatlarni qo`pol ravishda buzgan holda bajarilmoqda, ish sifati ham aksariyat holatlarda oqsamoqda, deya qayd etdi.
Shunga qaramasdan, bu tuzilmalar rahbarlarining o`ziga bo`lgan ishonchi osmon qadar baland.
Nima uchun boshqa idoralar rahbarlari davlatning aniq muammolarini hal etish bo`yicha malakali tavsiya olish o`rniga, doimo qog`ozbozlik va sansalorlik holatlari, shuningdek, ayrim vazir o`rinbosarlarining baland dimog`ligi va qaysarligi bilan to`qnashishi kerak?
Nihoyat, nima sababdan ba`zan inson qadr-qimmati erga uriladi, bunga kim huquq bergan?! Nima uchun Bosh vazir o`rinbosari yoki hukumat a`zosi qabulxonada soatlab kutib o`tirishi kerak? Nima uchun Vazirlar Mahkamasining tarmoq departamenti mudiri jiddiy masalalar bo`yicha yuzaki prezentasiya o`tkazilishini kunlab va haftalab kutadi, keyin esa hujjat qayta ishlashga qaytariladi? Va nima sababdan bu jarayonlarning barchasini shtatdagi yordamchi emas, balki chalasavod va beandisha qabulxona inspektori belgilaydi?
O`ylaymanki, ana shu oddiy bo`lmagan va muhim savollarga aniq va ravshan javob topish vaqti keldi. Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovga va yangi vazir B.Xo`jaevga bir oy muddatda Moliya vazirligining tashkiliy tuzilmasi, uning vazifa va funksiyalarini tubdan qayta ko`rib chiqish bo`yicha aniq takliflar kiritish topshiriladi.
Kadrlar bilan ishlash holatini ham tanqidiy tahlil qilish zarur. O`ylaymanki, moliya organlarining butun tizimidagi rahbar va xodimlarni attestasiyadan o`tkazish kerak.
Haqiqiy fakt shundan iboratki, agar R.Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni ko`rish xohishi bo`lganida, ularni keskin bartaraf etish bo`yicha u zarur tashabbus ko`rsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan bo`lar edik.
Takror aytaman, faqatgina «g`alaba raportlari» bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yo`q, o`z orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb ko`rsatadigan shaxslar tomonidan tayyorlangan axborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas.
Haqiqat esa xizmat vazifangizga ko`ra siz shaxsan javob beradigan quyidagi jiddiy muammolarda o`z aksini topgan.
Birinchi – iqtisodiyot o`sishining yuqori sur`atlari va investisiya resurslariga o`sib borayotgan talabni qanoatlantirish bir-biriga muvofiq emas.
Ikkinchi – naqd va naqdsiz shakldagi hisob-kitoblarda farq mavjudligi.
Uchinchi – hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarning mablag`lari etarli emasligi. Siz bu ochiq-oydin faktlarni inkor qilmaysiz, deb o`ylayman. Sizdan real takliflarni kutaman.





