O`zbekiston Prezidentining “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi farmoni loyihasi muhokamaga qo`yildi. Hujjatda 2017-2021 yillar oralig`ida O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi rejasi haqida so`z boradi.
Mazkur Farmon loyihasi (o`zbek va rus tillarida) muhokama uchun normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Strategiya quyidagi beshta ustuvor yo`nalishdan iborat:
• demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatimizni modernizasiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi va davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi funksiyalarini qisqartirish, «yagona oyna» tamoyili bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatish tizimini keng joriy etish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish va fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yo`lida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;
• sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta`minlash, yurtdoshlarimiz tomonidan odil sudlovga erishish darajasini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to`laqonli joriy etish, yuridik yordam va xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash uchun qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga e`tiborni yanada kuchaytirish;
• iqtisodiyotning ochiqligi va raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolish, etakchi ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizasiya va faol diversifikasiya qilish, moliya-bank sohasini tubdan isloh etish, xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama himoya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, xorijiy investisiyalarni faol jalb etish, turizm tarmog`ini samarali rivojlantirish, qishloq xo`jaligida tarkibiy o`zgartirishlarni amalga oshirish maqsadida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;
• ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirish, aholi bandligini ta`minlash masalasini samarali hal etish, fuqarolarni zamonaviy va arzon uy-joylar bilan ta`minlash, uy-joy va kommunal xo`jaligini, sosial infratuzilma ob`ektlarini modernizasiya qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog`liqni saqlash, ilm-fan, ta`lim-tarbiya tizimini, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish yo`lida ijtimoiy sohani rivojlantirish;
• davlatning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo`shnichilik muhitini vujudga keltirish, jahon hamjamiyatida mamlakatimizning ijobiy xalqaro nufuzini mustahkamlash yo`lida xavfsizlik, diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish hamda chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni yuritish.
Portalda aytilishicha, O`zbekistonni rivojlantirish bo`yicha harakatlar strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yilda O`zbekistonda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqqan, har bir yil bo`yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda, amalga oshiriladi.
Davlat dasturi bajarilishining borishi to`g`risidagi umumlashtirilgan axborot maxsus tuzilgan komissiyalar tomonidan har oy yakuni bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etib boriladi.
Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklandi.





