O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 yanvar kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Jahon bankining Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo`yicha vise-prezidenti Siril Myullerni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston va Jahon banki hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini alohida ta`kidladi.
Bugungi kunda o`zaro hamkorlik elektr-energetika, irrigasiya va kommunal tarmoqlarni modernizasiya qilish, suv ta`minoti, ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yo`nalishlarida Jahon bankining 2,8 milliard dollar mablag`i jalb etilgan 33 qo`shma loyihani o`z ichiga oladi.
"Tolimarjon IES – "So`g`diyona" PS" yuqori voltli liniyasini qurish, Buxoro va Samarqand shaharlari suv ta`minoti, kanalizasiya tizimlarini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog`istonda suv resurslarini boshqarish, Angren – Pop temir yo`lini elektrlashtirish, qishloq xo`jaligi korxonalari va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish kabi ko`plab sohalarda loyihalar, jumladan, ta`lim va sog`liqni saqlash tizimlaridagi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda.
O`tgan yili qabul qilingan 2020 yilgacha hamkorlik qo`shma dasturiga 27 muhim loyiha kiritilgan, uning umumiy qiymati 4 milliard dollardan iborat, shundan 3 milliard dollari Jahon banki kreditlaridir.
Jahon banki vise-prezidenti O`zbekistonda kichik biznesni jadal rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik va investisiya muhitini yanada yaxshilash bo`yicha yaqinda qabul qilingan chora-tadbirlar g`oyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidladi.
Uchrashuvda o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari xususida fikr almashildi, sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo`nalishlari muhokama etildi.
Jahon banki vise-prezidenti S.Myullerning tashrifi dasturidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma`ruza o`qish, ushbu oliy ta`lim muassasasi professor va o`qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashuv ham o`rin olgan.





