Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida "O`zbekkino" milliy agentligi tomonidan suratga olingan "Dadam betob" badiiy filmining premerasi bo`lib o`tdi.
Zulfiqor Musoqov rejissyorligida suratga olingan “Dadam betob” filmi tomoshabinlarda o`zgacha taassurot qoldirdi.
Kartina 2016 yilning 9 oktyabr kuni vafot etgan taniqli polyak rejissyori Anjey Vayda xotirasiga bag`ishlandi. “Dadam betob” filmida bosh rollarni taniqli aktyorlar Farhod Abdullaev, Yulduz Rajabova,Feruza Saidova va Bahriddin Abdullaev mahorat bilan ijro etgan.

Kartina davomiyligi 1 soatu 30 daqiqani tashkil etadi. Filmni tomosha qilar ekansiz undagi kutilmagan sahnalar, voqealar rivoji sizni tamomila o`ziga bog`lab qo`yadi. Aktyorlarning professional ijrosini alohida ta`kidlab o`tish o`rinli. Boshqa sohada faoliyat yuritishiga qaramasdan Bahriddin Abdullaevning filmdagi ijrosi o`ta ta`sirli va ishonchli chiqqan. Yulduz Rajabova esa mazkur kartinada ilk bor terrorchi, xavfli jinoyatchi obrazini gavdalantirgan. U to`qqiz nafar insonni o`ldirgani uchun qamalgan...

Farhod Abdullaev “Dadam betob”da halol va vijdonli tergovchi rolini ijro etgan. Uning “Men sen kabi jinoyatchilarga nima uchun qarshi kurashaman? O`zbekistonim tinch bo`lsin, hayotimiz forovon bo`lsin, deb kurashaman” degan so`zlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo`ldi.

Filmdagi yana bir asosiy rolni aktrisa Feruza Saidova ijro etgan. U sodda, chapani, sofdil va mehnatkash qishloq ayoli Aziza obrazini gavdalantirgan. U insultni boshdan kechirgan turmush o`rtog`ining hayotini saqlab qolish uchun tinmay mehnat qiladi. Aziza pul topish uchun bir kun davomida taksichilik qiladi. Shu kuni u turli muammolar girdobidagi, turli dunyoqarashga ega insonlarga ro`baro keladi... Azizaning so`nggi yo`lovchi bilan tanishuv oqibati og`ir kechadi…
Film triller va yo`l kinoromani janrlarida suratga olingan. Unda ko`plab yumor elementlari ham mavjud.
Kartinada Turg`un Beknazarov, Xayrulla Sa`diev, Ra`no Shodieva va Fathulla Mas`udov, kabi aktyorlar ham epizodik rollar ijro etgan.
Bir so`z bilan aytganda, o`zbek kinematografiyasidagi vatanparvarlik ruhidagi kinofilmlar soni yana bittaga ko`paydi. “Dadam betob” tomoshabinga ma`naviy ozuqa beruvchi, uni turli yot g`oyalar ta`siriga berilmaslikka o`rgatuvchi film!





