AsosiyJamiyat

​“102 ga telefon qilib portlovchi modda qo`yilgani haqida ogohlantirdim”

'​“102 ga telefon qilib portlovchi modda qo`yilgani haqida ogohlantirdim” 'ning rasmi

Bugun axborot texnologiyalari rivojlangandan-rivojlanib, mushkulimizni oson, uzog`imizni yaqin, og`rimizni engil qilmoqda. Turgan joyimizda dunyoning hohlagan hududidagi inson bilan bemalol gaplashishimiz mumkin. Hohlagan tanishimizdan hol-ahvol so`rashimiz, olisdagi yaqinlarimizni bir zumda telefon orqali bo`lsayam yo`qlashimiz, ko`nglini tog`dek ko`tarishimiz mumkin.

Lekin har bir narsaning yaxshi va yomon tomonlari bo`lgani kabi telefon va boshqa axborot texnologiyalarining ham o`ziga yarasha yomon tomonlari bor. Ayniqsa, bu holat o`zini yaxshi anglamagan, qilayotgan ishining oqibatini o`ylamaydigan insonlar qilmishlarida o`zini namoyon etadi.

Men bekorga telefon va boshqa axborot texnologiyalari haqida gap boshlamadim. Ahmoq va notovonligim tufayli boshimdan o`tkazgan bir voqeani siz bilan baham ko`rmoqchiman. Zora shu orqali bo`lsa-da o`z aybimni yuva olsam va kelajakda boshqa yolg`onlar oqibatida bo`lishi mumkin bo`lgan salbiy holatlarning oldini olishga o`z hissamni qo`shsam.

O`zim qassobman, Toshkent shahridagi qushxonalarning birida ishlayman. To`g`risini aytsam, spirtli ichimliklarni uncha-munchaga ichavermayman. Ikki oyda bir kafe yoki choyxonada ulfatlar yig`ilganda ichaman xolos.

O`tgan yili qish kunlarining biri edi. Adashmasam, shanba kuni chunki, asosan shanba kunlari yig`ilib chaq-chaqlashamiz. Boshida ichmasdan o`tirdim, keyin bo`lsa yoshlikdan birga o`sgan sinfdoshim Botirning qistovlari va boshqalarning gap-so`zlari o`tib ketdi shekilli, qancha quyilsa, hammasini oxirigacha ichaveribman. Biroz boshim aylanib, g`alati bo`la boshladim. Shunda ham to`xtatmasdan ichaveribman. Keyin nimalar bo`lgani esimda yo`q. Bir mahal qarasam uyimiz darvozasi oldida turibmiz.

Bilishimcha, kayfim oshib qolgani uchun ulfatlarim uyimga olib kelgan ekan. Botir va Akmalga uyga kiringlar deya rosa tarang qildim. Ular baribir uyga kirishmadi, ortiga o`tirgan kafemizga qaytib ketdi. Odatda tungi o`n ikki-birlargacha o`tirardik, bu gal ham shunday bo`lsa kerak.

Bolalarim shirin uyquda, faqatgina katta o`g`lim Sherzod darvozani ochish uchun uyg`onib tashqariga chiqqan. Xullas, nima qilishni bilmay zerikib o`tirdim, yotay desam uyqim kelmaydi. Tashqariga chiqib biroz aylanay desam havo sovuq. Qolaversa, o`rnimdan tursam boshim aylanyapti. Shu payt kallamga bir fikr keldi. O`zimcha, kafeda o`tirgan ulfatlarimni qoyil qoldirish va qaysidir ma`noda ulardan o`ch olish maqsadida, 102 ga telefon qilib, o`sha biz o`tirgan kafening manzilini aytib, u erga portlovchi modda qo`yilgani haqida ogohlantirdim. Kimligimni so`rashganida, darhol telefon go`shagini qo`yib qo`ydim.

Milisiyaga telefon qilishga qildimu, keyin o`zim o`ylanib qoldim. Meni topib olishsa nima qilaman, sharmanda bo`laman-ku. Masala men o`ylagandan ko`ra ancha jiddiy bo`lib chiqdi. Oradan bir soat o`tar-o`tmas, kafeda birga o`tirgan ulfatlarim va to`rt nafar ichki ishlar xodimi uyga kelishdi. Ular mening telefon raqamimni so`rashdi - aytdim. Pasportimni ko`rishdi va taxminan 2 soatlarcha oldin 102 raqamiga bo`lgan qo`ng`iroq haqida so`rashdi, qo`rqib ketganimdan bu haqda xabarim yo`qligini, mast bo`lganim uchun eslay olmasligimni aytdim.

Shundan so`ng, ular meni Ichki ishlar bo`limiga olib ketishini ma`lum qildi. Bu holatdan ayolim va farzandlarim karaxt ahvolga tushgan, hammasining ko`zlarida yosh qalqiydi. Ayolim Feruza “dadasi nima bo`ldi, nega sizni olib ketishmoqchi” deya so`radi. Uydagilarga hammasi joyidaligini, bu erda anglashilmovchilik bo`layotganini aytib turibman-u, ich-ichimdan qilgan ishimdan uyalyapman. Hatto, yosh bola ham qilmaydigan ahmoqona ishga qo`l urganimni his qilib turibman.

Shunday qilib, tuman Ichki ishlar bo`limiga borgach, yashirishdan, yolg`on gapirishdan foyda yo`qligini anglab, bor gapni aytib berdim. U erga borib bilishimcha, mening birgina yolg`onim oqibatida qariyb o`n-o`n besh million so`m mablag` sarflanib, tegishli guruhlar jalb etilgan. O`n, kerak bo`lsa, yuzlab turli idora va tashkilotlar xizmatchilari ovora bo`lgan. Qolaversa, kafeda bo`lgan va yon-atrofda yashovchi aholining tinchi buzilib, qanchadan-qancha odamlarning vahima va qo`rquvga tushishiga sabab bo`lgan. Mablag`-ku, mayli uni topsa bo`lar, lekin ularga etkazilgan ma`naviy zararni, yo`qotilgan obro`-e`tibor va ishonchning o`rnini qoplab bo`larmikan. Qonunchiligimizda yolg`on xabar berganlik uchun jazo belgilangan ekan. Ma`muriy javobgarlikka tortilib, katta miqdorda jarima to`ladim. Iqtisodiy tomondan ham ancha qiyinchiliklarga duch kelib, oilamdan baraka qochdi.

Birgina yolg`on xabar orqasidan bezorilik bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortilib, sudlanishimga va sudlangan degan tamg`ani olishimga oz qoldi. Bundan-da yomoni, halovatim yo`qoldi, elu-yurt oldida boshim egik bo`ldi. Ulfatlarim ham davralariga qo`shmay qo`ydi. To`y va marakalarda shunga o`xshash mavzularda gap ochiladigan bo`lsa, sharmanda bo`lishdan qo`rqib, darhol turib ketaman.

“O`ynab gapirsang ham o`ylab gapir” deb bejiz aytishmas ekan. Men o`zimning boshimdan o`tkazganlarimni bayon qildim xolos. Xulosa chiqarish esa sizdan aziz gazetxon!

Anvar Rajabov,
Toshkent shahri

    Boshqa yangiliklar