2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalik doirasida uchrashuv va muloqotlar bo`lib o`tmoqda.
Mazkur tadbirlarda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishmoqda. Biz xorijiy jurnalistlarning Harakatlar strategiyasi, mazkur haftalik va undan o`rin olgan tadbirlar xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Osman Go`kmen, TRT teleradiokompaniyasi (Turkiya) Toshkent vakolatxonasi rahbari:
Bugun O`zbekiston yangilanish davrini boshdan kechirmoqda. Mamlakatingizda ro`y berayotgan o`zgarishlar bugun dunyo ahlining e`tiborini tortmoqda. Mazkur Harakatlar strategiyasi O`zbekiston rahbarining saylovoldi dasturidan o`rin olgan muhim masalalarning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etib borilayotganidan darak beradi. Ushbu media-haftalik ham shu muhim hujjat mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
Men o`tgan yilgi Prezident saylovi arafasida tashkil etilgan press-klubda ham ishtirok etib, bu erda yaratilgan shart-sharoitlardan hayratlangan edim. O`zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur Harakatlar strategisi muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalik ham jurnalistlar uchun o`ziga xos qulaylik bo`ldi. Bundan ibrat olsa arziydi.