Shu kunlarda O`zbekistonda Buyuk Yo`lboshchimiz tavallud topgan kun – 30 yanvar sanasini nishonlashga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda ushbu sana munosabati bilan turli madaniy-ma`rifiy tadbirlar, xotira kechalari o`tkazilayotir.
Tadbirlarni bayramona ruhda tashkil etishda Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi kabi turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o`qituvchilar, ma`naviyat targ`ibotchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar faol ishtirok etmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig`ini va Sergeli tibbiyot kollejida bo`lib o`tgan tadbirlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligini ta`minlash yo`lidagi ulkan xizmatlarini yoshlar ongu qalbiga singdirish tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.
Islom Karimov mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro`-e`tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qoladi. Xalqimiz tarixan qisqa muddat – 25 yilda erishgan barcha yutuq va marralarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog`laydi.
Samarqand davlat universitetida o`tkazilgan ana shunday tadbirda Islom Karimov hayoti va faoliyati, boy ma`naviy merosi haqida so`z yuritildi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Quronov, “O`zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri S.Ostonov va boshqalar yigirma besh yil ichida O`zbekistonning dunyoda o`z munosib o`rniga ega bo`lgani, jadal iqtisodiy taraqqiy etishi, aholi turmush darajasining muttasil o`sib borishi Birinchi Prezidentimiz faoliyati, puxta va uzoqni ko`zlab olib borgan siyosati bilan bog`liq ekanligini ta`kidladi. Ayniqsa, tarixiy haqiqatning qaror topishi, zaminimizdan etishib chiqqan buyuk allomalarimiz nomini abadiylashtirish va ular merosini asrab-avaylash, keng targ`ib etish borasidagi ishlar xalqimiz ma`naviy hayotini butunlay yangilab, yangi davlat, yangi jamiyat barpo etishning mustahkam poydevori bo`ldi.
Shunday tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda






