AQSh ma`muriyati jamoatchilikdan prezident Donald Trampning 10 yoshli o`g`li Berronni muhokama qilishdan to`xtashni so`radi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Mazkur xabar Oq uy saytida e`lon qilindi.
“Azaliy an`analarga ko`ra, prezidentning farzandlariga siyosiy e`tibor qaratishsiz ulg`ayish imkoni beriladi. Oq uy bu an`ananing davom etishini kutmoqda. Mazkur muammoni hal etishda hamkorlik qilganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz”, deyilgan xabarda.
Internet foydalanuvchilari otasining inaugurasiyasida o`zini g`alati tutgan Berron Trampning ustidan kulishdi. Ular Berronni aqli zaif, rivojlanishdan orqada qolgan bolaga o`xshatishgan. U jiyani, opasi Ivanka Trampning qo`lidagi bolasi bilan o`ynagani ham turli gap-so`zlarga sabab bo`ldi.
NBC telekanalidagi Saturday Night Live teleshousi ssenariy muallifi Keti Rich Berron haqidagi tvitni e`lon qilgani uchun uni telekanal vaqtincha ishdan chetlashtirdi. Uni OAV va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tanqid qilgandan keyin Berron haqida yozgan izohini ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlab, kechirim so`radi.
Bill va Xillari Klintonning 36 yoshli qizi Chelsi Klinton ham Berronning tarafini oldi. “Berron Tramp ham har bir bolaga zarur bo`lgani kabi bola bo`lish imkoniyatiga ega va haqli”, deb yozdi u o`zining Facebook sahifasida.
Bu voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Berronning autizm kasalligidan aziyat chekishini, ota-onasi buni yashirib kelganligi haqidagi bahs-munozarani avjiga chiqardi. Mazkur xabar ilk bora 2016 yilning noyabr oyida, Donald Tramp g`alabaga erishgan paytida ma`lum bo`lgandi. O`shanda Melaniya Tramp bunday gapni tarqatgan blogerni sudga berish bilan tahdid qilgandi.