Poytaxtimizning International Hotel Tashkent mehmonxonasida 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalik o`tayotgani haqida avvalroq xabar bergandik.
25 yanvar kuni media-haftalikning 3-kunida besh ustuvor yo`nalishdan uchinchi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo`nalishlari”ning taqdimoti bo`lib o`tdi.
Ushbu yo`nalish ochiqlik va raqobatni oshirishga, erkin iqtisodiy faoliyatni ta`minlashga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolish, iqtisodning ilg`or tarmoqlaroini faollashtirish va modernizasiya qilish, bank-moliyaviy islohotlarni tubdan isloh qilish, xususiy tadbirkorlikni himoya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, chet el investisiyalarini joriy qilish, turizmni samarali rivojlantirish, qishloq xo`jaligida tarkibiy o`zgartirishlarni kiritishga yo`naltirilgan.
Uchinchi yo`nalish muhokamasida Davlat soliq qo`mitasi raisi o`rinbosari Erkin Gadoev, Markaziy bank o`rinbosari Jahongir Abdurasulov, Iqtisodiyot vazirin o`rinbosari Shuhrat Ismoilov, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshqarma boshlig`i o`rinbosari Vyacheslav Pak, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Rustam Aminov, Savdo-sanoat palatasi raisi o`rinbosari Anvar Ikramov, Qishloq va suv xo`jaligi vaziri o`rinbosari Shuhrat Teshaev, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Shohruh Shorahmetovlar ishtirok etishdi.
Eslatib o`tamiz, media-haftalik 27 yanvarga qadar o`z ishini davom ettiradi.