Poytaxtdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida o`tkazilayotgan 2017-2021 yillarda “O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi” loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalik o`z ishini davom ettirmoqda.
Tadbirda ishtirok etayotgan ekspertlar, jurnalistlar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari diqqat markazida Harakatlar strategiyasi batafsil yoritish, shuningdek, mamlakatimiz aholisining katta qismini muhokamalarga jalb etish hisoblanadi.
Krista Pikkat, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
- So`z erkinligi va axborot ochiqligini ta`minlash bo`yicha mandator hisoblanuvchi YuNESKOning vakili sifatida o`ylaymanki, media-haftalik-bu bayram. Biz hammamiz O`zbekiston hukumati va Prezident tomonidan ilgari surilayotgan harakatlar strategiyasi loyihasini ko`rdik. BMT vakili sifatida aytishim mumkinki, ko`plab aspektlar BMTning barqaror rivojlanishi maqsadidagi ilgari surilgan yangi tamoyillarga hamohang tarzda olib boorilmoqda. Biz esa bundan behad xursandmiz. Harakatlar strategiyasining yangi loyihasi ommaviy muhokama uchun ochiqligi ham muhim jihatlardan biri. O`ylaymanki, fuqarolik jamiyatining har bir a`zosiga, butun jamiyatga o`z ovoziga ega bo`lish huquqini berish muhim.
So`nggi muhim fakt sifatida esa mazkur media-haftalikning O`zEOAVMA tashabbusi bilan tashkil etilganini aytishim mumkin. Men mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonni xalqqa etkazishda OAV muhim ahamiyatga ega bo`lishga tayyor ekanligidan xursandman.