26 yanvar kuni Toshkentdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida 2017-2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalikning 4-kuni boshlandi.
Bugun harakatlar strategiyasining to`rtinchi yo`nalishi – “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari” taqdimoti bo`lib o`tmoqda.
Ushbu yo`nalish oylik-maoshlarning, pensiya va ijtimoiy nafaqalarning bosqichma-bosqich oshirib borilishi, aholi bandligini oshirishning samarali usullari, aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan ta`minlash, aholining yashash sharoitini yaxshilash, ijtimoiy infrastrukturani modernizasiya qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog`liqni saqlash tizimini, ta`lim va fan sohasini va yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish masalalariga qaratilgan.
Bugungi yo`nalishni taqdimotchilari sifatida Iqtisodiyot vaziri o`rinbosari Dilmurod Turdiev, Mehnat vazirligi eksperti Botir Alimuhammedov, Oliy Majlis senati qo`mita raisi Zayniddin Nizomxo`jaev, Qonunchilik palatasi deputati O`tkir Xolov, Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Lutfullo Tursunov, “Davlatarxitekturaqurilish” qo`mitasi raisi o`rinbosari Muhammadjon Shodiev, Moliya vaziri o`rinbosari Mubin Mirzaevlar ishtirok etishmoqda.
Eslatib o`tamiz, media-haftalik 27 yanvarga qadar davom etadi.