AsosiyJamiyat

Islom Karimovga kechikkan maktub

'Islom Karimovga kechikkan maktub'ning rasmi

Inson umri davomida qancha-qancha odamlar bilan uchrashadi, qo`llar, yo`llar birlashadi, ayro tushadi. Ajabki, ko`ngilda bir umr saqlanib qoladigani judayam kam bo`ladi.

Qo`lga qalam olib, eng inja, samimiy tuyg`ular qog`ozga to`kilsa, dil tubida asrab-avaylab kelayotganingiz izhorning sohibi ana shu ko`ngilga yaqinlar bo`ladi. Tuyg`ular maktub shakliga kirib, o`shal yaqiningizga etib borishidan umidvor bo`lasiz. Ammo men kechikdim. Kechikib qoldim. Hayotimning eng go`zal damlari, shu darajaga etganim uchun Sizga minnatdorlik bildirishga ulgurolmadim. Sizga yozgan maktubimni berolmadim... Mana o`sha maktub:

“Assalomu alaykum, muhtaram Islom Abdug`anievich!

Siz O`zbekiston yoshlarini joningizdan ortiq yaxshi ko`rasiz. Qaerda, qanday anjuman bo`lmasin, yoshlar haqida g`ururlanib gapirasiz. Sog`lom va bo`ychan, ko`zlari yonib turgan o`g`il-qizlarni ko`rganda hammadan ko`p xursand bo`lasiz.

"Sizlar uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun butun borlig`imni bag`ishlashga ham tayyorman. Marrani doimo baland qo`yib yashang, aziz bolalarim, davr bizniki, marra bizniki!" dedingiz. Bunchalar yuksak ishonchingiz, qalbingizdan toshgan mehringiz gohi hayratga solsa, gohi uyatdan boshimizni egib qo`yadi. Oqlolyapmizmi o`zi? Bizdan ko`nglingiz to`lyaptimi?

Javobini bilaman. Hammasi ayon. Lekin Siz baribir bizning, farzandlaringizning aybiga ko`z yumaverasiz. Mehringiz, ishonchingizni bir dam susaytirmaysiz. Bizga qanot bag`ishlaysiz. Yosh bo`la turib, g`ayrat-shijoatni Sizdan olamiz. Ertangi kun bizniki ekanidan mas`uliyat tuyamiz. Qarzdorlik, javobgarlik hissi bizni mudom harakatga, kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo`lishga undaydi.

Biz Sizning farzandingizmiz. Sizning bolalarga, yosh avlodga e`tiboringiz og`ushida kamolga etyapmiz. Sizga munosib bo`lish – Sizga o`xshab Vatanni sevish, uni himoya qilish, dunyo ilmlarini bilish, komil inson bo`lishga intilamiz. Ishoning. Bu so`zlar bir qizingizning Sizga va`dasi”.

Va`da berishga shoshilgan ekanman. Mudhish va muqarrar kun kelishini qayoqdan bilay. Birdan xazinamning yarmi bo`shab qoldi. Ko`ngildagilarni qog`ozga tushirmoqqa-da yurak yor bermadi, tatimadi, sig`madi. Siz dunyoga sig`magan palla bunday so`zlar yurakka sig`armidi?! Vaqtning davolashi yolg`on ekan-da. Xotiraning, muhabbatning izini vaqtdek qudratli kuch ham o`chirolmasa! Xayolimdan o`tayotgani faqat shu so`zlar:

“Bobojon, eng og`iri va uyatlisi ojizlik ekan. Bilib, sezib, o`rtanib, joningni bergilaring kep ketarkan-u, taqdirga tan berishdan, sukut saqlashdan o`zga chorang qolmagani... Birinchi marta shifokorlik kasbini tanlamaganimga ich-ichimdan afsuslandim. Sizning joningiz men ojizning chekiga tushib qolmagan bo`lsa ham, qo`limdan hech ish kelmay, tomoshabingina bo`lganimdan qanchalar uyalayotganimni, armonda qolganimni bilsangiz edi. Bu kechinmalar butun o`zbek xalqining ko`nglidan kechayotganiga shubha qilmayman.

Axir biror kishi yo`qki, ota-onasining, jon-jigarlarining, qadri baland qadrdonlarining kun kelib uni manguga tark etishi haqida xayollagan bo`lsa. Ularni sira o`lmaydi, hamisha yonimizda qalqon bo`lib turadi, deb o`ylaydi. Omonat ekani sira yodiga kelmaydi. Shu sababmi ularni qadrlash, mehriga javob qaytarish, shodlik ulashishni keyinga suraveradi. To`satdan sira o`lmas deb o`ylagan kishisi omonatini topshiradi-yu, shunda ko`zi ochiladi odamizotning.

Siz bir dunyo edingiz. Musaffo osmon, Siz qurgan binolar, yo`llar, mashinalar, kitoblar va Siz sevgan xalq – butun O`zbekiston Sizni eslatib turadi. Sizni O`zbekiston degim keladi.

Bobojon, ranjisangiz ham, shu kunlarda hislarim aqlimdan ustun kelayapti. Taskin izlab, “Inson hayotida shunday damlar bo`ladiki, shaxsiy dard-alamlar yuki uni ezib tashlaydi, ruhiy yoki jismoniy darddan dunyo qorong`u bo`lib ketadi. Bunday paytlarda faqat katta yurak, bukilmas iroda egalarigina o`zini unutishga qodir bo`ladi”, degan o`gitingizni qayta-qayta o`qiyapman.

Sizga aytmoqchi bo`lgan gaplarim ko`p edi. Har gal nutqingizni tinglaganimda, “Islom Abdug`anievich! Qani endi o`zbekning barcha yigitlari Sizdek mard, dono va jasur bo`lsa edi! O`zbekiston yanada buyuk bo`lardi!” deb ko`nglimdan o`tkazaveraman.

Yo`q, Siz barhayotsiz! Qayoqqa qaramaylik, Sizni ko`ramiz. Ana, o`ng qo`lingizni baland ko`tarib, kulib turibsiz. Qiyofangizdan: “Ey, bolam, sening Vataning bitta – barchamizga aziz, betakror mana shu O`zbekiston. Ota-bobolaringning xoki shu erda yotibdi. Shu muqaddas zamin seni dunyoga keltirgan, sen uni obod etishing, himoya qilishing shart. Nafaqat sening o`z hayoting, balki senga umid ko`zini tikib turgan ota-onang, opa-singillaring, yosh go`daklar, nuroniy qariyalarimizning hayoti ham ana shu burchingni nechog`liq ado etishingga bog`liq”, degan ma`no uqaman.

Yana bir suratingizdagi o`tkir nigohga dosh berolmay, ko`zimni boshqa yoqlarga olib qochaman. “Baraka topgur, nega yonmaysan? Men senga o`xshagan yoshlarga ishonganmidim O`zbekistonimni?!” degan dakki eshitayotgandek bo`laman. Qiynalaman.

Pand-nasihatlaringiz qulog`im ostida jaranglaydi: “Men yoshlarimizga, mening bolalarimga qarata, o`rganishdan hech qachon charchamanglar, deb aytmoqchiman. O`rganish, intilish hech qachon ayb sanalmaydi. Nimanidir bilmasang, uni o`rganish zarur. Avvalambor, endi hayotga kirib kelayotgan yoshlarga nima lozim? O`rganish, o`rganish va yana bir bor o`rganish kerak. Kasb o`rgangan, ilm o`rgangan kishi, o`zbekona aytganda, hech qachon kam bo`lmaydi”.

Islom Abdug`anievich! O`rganamiz, intilamiz! Hech kimdan kam bo`lmaymiz! Siz orzu qilgan yoshlar maydonga chiqqan. Millionlab qalblarga cho`g` tashlagan So`zingiz alanga olmoqda. Buyog`i yaqin, buyog`iga kelajagimiz buyuk bo`lajak.

Sevara ALIJONOVA,

O`zA sharhlovchisi

Boshqa yangiliklar