Toshkentdagi marshrutkalarda yo`l kira haqini to`lash uchun jetonlar joriy etiladi. Mazkur loyiha 2017 yilning ikkinchi choragida amaliyotga tatbiq etiladi. Bu haqda 26 yanvar kuni Toshkent shahar hokimligida bo`lib o`tgan “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining matbuot anjumanida ma`lum qilindi, deb yozadi “Uz24.uz”.
Ayni paytda jetonlarni joriy etish mexanizmi va uning narxi masalasi muhokama etilmoqda. Toshkentdagi jamoat transportlarida yagona yo`lkira haqi 1200 so`m etib belgilanganini hisobga olingan holda marshrutkalar uchun joriy etiladigan jetonlar narxi ham marshrutning davomiyligi va boshqa faktorlarni hisobga olib, 1200 so`m va undan yuqori etib belgilanadi.
Toshkentdagi marshrutkalar uchun bir xil narxdagi jetonlar sotuvga chiqariladi. Agar yo`l kira haqi jeton narxidan qimmatroq bo`lsa, yo`lovchilar yo`l kira uchun qo`shimcha to`lovni amalga oshiradi. Agar, jeton narxi marshrutkada belgilangan yo`l kira haqidan qimmatroq bo`lsa, haydovchi yo`lovchiga qaytim beradi.
Jetonlar joriy qilinishi poytaxt marshrutkalarida kuzatiladigan qaytim qaytarish bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish uchun amaliyotga tatbiq etilishi ko`zda tutilmoqda.