O`zbekistonlik tennischi, mamlakatimizning birinchi raketkasi Denis Istomin Melburnda bo`lib o`tgan “Katta Dubulg`a” turkumidagi yilning dastlabki musobaqasi - “Australian open-2017”dan so`ng jahon reytingining kuchli yuzligidan joy olgan tennischilar orasida eng katta o`sishga erishdi va naqd 37 pog`onaga yuqorilab 117-o`rindan 80-pog`onaga ko`tarilib oldi.
Xabaringiz bor, Istomin turnirning 4-bosqichiga etib borib faqatgina jarohati sabab chorakfinal ostonasida yurishini to`xtatgan edi. Ammo shunga qaramay hamyurtimiz dastlab xorvatiyalik Ivan Dodigni, ikkinchi bosqichda jahonning ikkinchi raketkasi serbiyalik Novak Jokovichni, uchinchi bellashuvda esa ispaniyalik Pablo Karreno Bustani mag`lub etishga muvaffaq bo`ldi. Afsuski, 4-bosqich bahsida kutilmaganda orttirib olingan jarohat Istominga to`liq kuch bilan o`ynash imkonini bermadi va u bolgariyalik Grigor Dimitrovga imkoniyatni boy berib musobaqa bilan xayrlashdi.
“Australian open-2017” dagi ishtirokidan so`ng Denis Istomin o`z hisobiga 220 000 AQSh dollarini qo`shib qo`ydi. Shuningdek hamyurtimiz 180 reyting ochkolariga ega bo`lib o`z hisobidagi ochkolar sonini 668 taga etkazib oldi. Natijada Denis 117-o`rindan 80-pog`onaga ko`tarilib, aytib o`tganimizdek kuchli 100 likdagi tennischilar orasida o`sish bo`yicha eng yaxshi ko`rsatkichni qayd etdi.
Mavsum endigina start oldi, demak oldinda yurtdoshimizni bir qator nufuzli musobaqalar kutib turibdi. Shunday ekan, biz Denis Istominga jarohatidan tezroq qutulib “Katta Dubulg`a” turkumidagi navbatdagi turnirlar “Roland Garros”, “ Wimbledon” va “US Open” musobaqalarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishini va albatta yurtimiz sharafini tennis olamining eng nufuzli musobaqalarida munosib himoya qilishini tilab qolamiz.






