«O`zbekinvest» eksport-import milliy sug`urta kompaniyasida 2016 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Kompaniya 2016 yildagi investisiya dasturiga kiritilgan to`qsonga yaqin loyihaga 17,5 trillion so`m sug`urta himoyasi taqdim etildi. Yuridik va jismoniy shaxslar bilan 207 mingdan ortiq sug`urta shartnomasi imzolangan.
Kompaniya mahalliy eksportchilar mulkiy manfaatlarini kompleks sug`urta himoyasi bilan ta`minlash uchun 500,8 milliard so`mlik sug`urta shartnomalari tuzdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksport shartnomalarini cug`urtalash bo`yicha 263,5 milliard so`mlik majburiyatlar olindi.
– 2016 yil yakunlari bo`yicha kompaniyamizda yig`ilgan sug`urta mukofoti 104 milliard so`mni, olingan sug`urta majburiyatlari 58,5 trillion so`mni tashkil etdi, – deydi kompaniyaning axborot xizmati rahbari Ortiqxo`ja Norov. – Shunga mos ravishda to`lab berilgan mablag` hajmi ham ortmoqda. Xususan, aholi, korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga to`lab berilgan sug`urta qoplamalari 15 milliard so`mni tashkil etib, 2015 yilga nisbatan 135 foizga o`sdi.
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha yig`ilgan sug`urta mukofotlari hajmi 5,4 milliard so`mni, to`langan sug`urta qoplamalari 507,7 million so`mni tashkil etdi. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha yig`ilgan sug`urta mukofoti hajmi 386,9 million so`mga etgan bo`lsa, to`langan sug`urta qoplamalari 24,8 million so`mni tashkil etdi.
Yig`ilishda mavjud sug`urta mahsulotlarini takomillashtirish natijasida o`ndan ortiq yangi sug`urta mahsuloti ishlab chiqilgani, mijozlar talab va ehtiyoji asosida namunaviy sug`urta shartnomalarining 56 tasiga o`zgartirishlar kiritilgani qayd etildi.