AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasini borib ko`rdi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasini borib ko`rdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev 3 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Prezident taklifi bilan 2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilindi. Xalqni eshitish, aholining talab va istaklarini ro`yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi. Shu maqsadda 2016 yil 28 dekabrda Prezident Shavkat Mirziyoevning «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmonga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Qabulxonaga kiraverishda Prezident Shavkat Mirziyoevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o`ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so`zlari bitilgan. Muassasa faoliyati ana shu mezon asosida yo`lga qo`yilgan. Aholi bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni ko`rib chiqish va saqlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlar, yosh bolali onalar, nogironlar va fuqarolar uchun barcha jihatlar e`tiborga olingan.

Toshkent shahrida aholi ko`pligini inobatga olib, bu erda sohaviy bo`limlar tashkil etilgan. Ushbu qabulxona Amir Temur ko`chasi, 14-uyda joylashgan.

Prezident Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishar ekan, uning tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. Endi uni mazmunan boyitish, ichki madaniyatini mustahkamlash zarurligini alohida ta`kidladi.

Toshkent shahrining salohiyati ham, aholi soni, odamlarning talabi ham boshqa joylardagidan yuqori. Ishni shunga muvofiq tashkil etish kerak. Bu maskan xalq manfaatlarini ta`minlaydigan, ishonchini qozonadigan dargoh, adolat zamini bo`lsin, dedi Shavkat Mirziyoev.

Boshqa yangiliklar