AsosiyJamiyat

​Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha Prezident Qarori imzolandi

'​Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha Prezident Qarori imzolandi'ning rasmi

Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati to`g`risida ijrochilar va aholini huquqiy xabardor qilish sifatini oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yagona tartibini o`rnatish, bu sohada prinsipial yangi yondashuvlarni belgilash, yangi qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini tashkil qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o`rtasida tushuntirish nazarda tutilmoqda.

Yangi qabul qilingan qonunlar, boshqa qonun hujjatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarga to`g`ridan-to`g`ri ijro etish va amaliyotda qo`llash uchun rasmiy tarqatma orqali yuborishning yagona tartibi va muddatlari belgilandi.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, qonun hujjatlarini tarqatishning yaxlit tizimi shakllanmagan, normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan rasmiy tarqatmalarni ijrochilarga etkazishning, tushuntirish ishlarini olib borishning tartibi va muddatlari hamda bu sohadagi nazorat o`rnatilmagan.

Fuqarolarni huquqiy xabardor qilish asosan an`anaviy ommaviy axborot vositalari orqali qog`oz ko`rinishida amalga oshirilmoqda, bu esa huquqiy axborotning to`liqligi va erkin foydalanilishiga, uning o`z vaqtida tarqatilishiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Bunda aholining ijtimoiy faol qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga bo`lgan ehtiyoj va so`rovlari inobatga olinmayapti.

Mavjud kamchiliklar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi va qonuniylik tamoyillari samaradorligiga salbiy ta`sir qilmoqda.

Qarorga ko`ra 2017 yilning fevralidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga etkazish va aholi o`rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas`ul bo`lgan aniq davlat organlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari ko`rsatilishi shart etib belgilandi.

Normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, o`zgartirish va qo`shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali) qog`oz va elektron shaklda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuborilib, bir kunlik muddatda ular Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro`yxat bo`yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda etkazilishini ta`minlaydi.

Qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklandi.

Boshqa yangiliklar