1

​Prezidenti Shavkat Mirziyoev ichki ishlar organlari faoliyatida mavjud muammolar yuzasidan videoselektor o`tkazdi

Jamiyat 10.02.2017, 10:11
Teglar: O`zbekiston, Shavkat Mirziyoev
​Prezidenti Shavkat Mirziyoev ichki ishlar organlari faoliyatida mavjud muammolar yuzasidan  videoselektor o`tkazdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi, deb yozadi O`zA.

Unda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga ustuvor ahamiyat berilayotganini alohida ta`kidladi. Bu profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo`l harakati xavfsizligi, yong`in xavfsizligi, qo`riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilganida, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo`lmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o`rtasidagi munosabatlarda o`zaro ishonch va ochiqlikni ta`minlash maqsadida profilaktika inspektorlari, milisiya tayanch punktlari, “Mahalla posboni” kabi institutlar tashkil etilgani yurtimizda tinch-osuda hayot ta`minlanishiga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari keyingi vaqtlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko`tarilganini qayd etdi.

Prezidentimiz bugun ichki ishlar organlari zamon talablariga nechog`li javob bera olayotganiga e`tibor qaratdi. Inson manfaatlari bilan bog`liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish lozim bo`lgan bugungi kunda eskicha fikrlash, ishni eski “qolip”lar asosida tashkil qilish, o`z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoev tergov va ayblash bilan cheklanmay, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning shart-sharoit va omillarni o`rganish, profilaktika maqsadida har bir jinoyat tafsilotlarini ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirokida chuqur tahlil qilish zarurligini ta`kidladi.

Yig`ilishda milisiya tayanch punktlari infratuzilmasini takomillashtirish, profilaktika inspektorlarining turmush sharoitini yaxshilash, ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish masalalari ko`rib chiqildi. Ichki ishlar vazirligining tashkiliy tuzilmalari tanqidiy nuqtai-nazardan tahlil qilindi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar huquqini himoya qilishga alohida e`tibor berilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ichki ishlar organlarining tadbirkorlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishi yoki to`sqinlik qilishi kabi holatlarga batamom chek qo`yish zarurligini alohida ta`kidladi.

Murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish ichki ishlar idoralarining eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois fuqarolar bilan munosabatlarni tubdan qayta ko`rib chiqish, odamlar bilan doimiy muloqotni yo`lga qo`yish, xalq bilan hamnafas bo`lib yashash va inson manfaatlaridan kelib chiqib ishlash lozim, dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda ichki ishlar vaziri A.Azizov, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari, ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tanqidiy tahlil, qat`iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo`lib qolishi, muammolarni kabinetda o`tirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlashga va ularning echimini topishga qaratish, yakuniy natija uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish, fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda hal qilish, ishda aniq tartib va qat`iy intizom o`rnatish, sohani malakali kadrlar bilan ta`minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlar ildizini quritish – ichki ishlar organlarining ustuvor vazifasi ekanini alohida ta`kidladi.

Mutasaddi rahbarlarga fuqarolarning har bir murojaati e`tiborsiz qolmaydigan tizim yaratish, xizmatga munosabatni tubdan o`zgartirish, jinoyat tafsilotlarini muhokama qilish mexanizmini shakllantirish, ichki ishlar organlarining xalq vakillari oldida hisobot berish tizimini yo`lga qo`yish orqali ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz ichki ishlar organlari quyi bo`g`in bo`linmalari, milisiya tayanch punktlari va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, ichki ishlar bo`limlari faoliyatini reyting orqali baholash tizimini joriy etish, yoshlar sodir etayotgan jinoyatlarni chuqur tahlil qilib, ularning sababi va kelib chiqishiga zamin yaratuvchi shart-sharoitlarni aniqlash, barcha ta`lim muassasalariga profilaktika inspektorlarini biriktirib, ular kundalik ish faoliyatini ta`lim muassasalaridan boshlashni amaliyotga tatbiq etish masalalari bo`yicha tavsiyalar berdi.

Shavkat Mirziyoev profilaktika inspektorlari malakasini oshirish bo`yicha tizim yaratish kerakligiga alohida e`tibor qaratdi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va viloyatlardagi oliy o`quv yurtlari bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.

Davlatimiz rahbari ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Majlisda ichki ishlar organlarining har bir xodimi bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, har bir oila, har bir inson, mahalla xavfsizligini ta`minlashdek murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyati, kuch-g`ayratini safarbar etishi lozimligi ta`kidlandi.

Sharhlar

O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
⚡️Qirg`iziston va O`zbekiston hamkorlikda ishlab chiqaradigan avtomobillarning narxlari e`lon qilindi

24.01.2023, 10:47

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston va Qirg`iziston hamkorlikda 19 turdagi engil avtomobillar, jumladan mikroavtobus, pikap, sedan va boshqalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar narxi 13...
Putin O`zbekistondagi g`ayritabiiy sovuqlar haqida fikr bildirdi (video)

18.01.2023, 11:45

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy masalalar bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sovuqlar haqida fikr bildirdi. Rossiya rahbari bosh vazir Mixail Mishustindan agrosanoat majmuasida...
Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1