O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 12 dekabrni Xalqaro betaraflik kuni deb e`lon qilish to`g`risidagi Rezolyusiya qabul qilinishi munosabati bilan chin dildan tabriklab maktub yo`lladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Maktubda qayd etilganidek, “Ushbu qaror, hech bir mubolag`asiz, tarixiy ahamiyatga ega voqea bo`ldi. Shaxsan Siz tomoningizdan ilgari surilgan tashabbusni jahon hamjamiyatining barcha a`zolari tomonidan bir ovozdan ma`qullanishi xalqaro sahnada Turkmanistonning yuqori mavqega ega ekanligini, bizning keng mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta`minlashda Sizning xizmatlaringiz va hissangizni barcha tomonidan tan olinishini yaqqol ko`rsatdi”.
Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, O`zbekistonda Turkmaniston bilan do`stlik va qo`shnichilik munosabatlari alohida qadrlanadi. “Bizning davlatlarimiz xalqaro siyosat va mintaqaviy barqarorlikning dolzarb masalalari bo`yicha umumiy yoki o`xshash pozisiyaga ega”, - deyiladi maktubda.
Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog`lik, mas`uliyatli davlat ishlarida yangi zafarlar, Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tiladi.






