AsosiyJamiyat

​O`zbekistonlik iqtisodchi dunyoning 100 ta eng kuchli yosh iqtisodchilari reytingiga kirdi

'​O`zbekistonlik iqtisodchi dunyoning 100 ta eng kuchli yosh iqtisodchilari reytingiga kirdi 'ning rasmi

RePEc (Research Papers in Economics) «Iqtisodiyot fanlari bo`yicha ilmiy maqolalar» tashkiloti tomonidan tuziladigan ro`yxatning ilk elliktaligidan Osiyodan uch vakil: Yaponiya, O`zbekiston va Hindiston joy oldi.

Mazkur loyiha AQShdagi Federal rezerv banki tadqiqotlar bo`limi tomonidan muvofiqlashtiriladi va dunyo bo`ylab 50 mingdan ortiq iqtisodchilar faoliyati kuzatib boriladi. RePEc maqolalarga keltirilgan iqtiboslar, chop etilgan jurnal nufuzi kabi kategoriyalarga asoslanib, turli toifalar bo`yicha eng yaxshi iqtisodchilar reytingini tuzadi. Reytingda asosan Garvard, Yel universitetlari, London iqtisod maktabi bitiruvchilari va xodimlari ustun turgan.

Hamyurtimiz Raufxon Salaxo`jaev MDH davlatlaridan yagona nomzod sanaladi. Dunyoning 100 eng kuchli yosh iqtisodchilari orasida Angliya banki, Garvard, Stenford universitetlari, Parij Iqtisod maktabi nomzodlarini ortda qoldirib, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti iqtisod fani o`qituvchisi Raufxon Salaxo`jaev 32-o`rinda turibdi.

Raufxon Salaxo`jaev hali o`ttiz yoshni qarshilamagan bo`lib, makroiqtisoddagi yangi yo`nalish «Iqtisodiy o`sishning chuqur omillari» bo`yicha tadqiqot olib borayotgan kam sonli olimlardan. Ilmiy ishi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishida intellektual kapital va bozor institutlarining rolini tadqiq etishga bag`ishlangan. Raufxonning 20 ga yaqin ilmiy maqolasi «Intelligence», «Kyklos», «Environmental Research» kabi dunyoning etakchi ilmiy jurnallarida chop etilgan, «Forbes» agentligi, «National Policy» instituti tomonidan yuqori baholangan.

Yosh iqtisodchi olim 2012 yili AQShning «Fulbright» stipendiyasi g`olibi bo`lib, Nyu-York davlat universitetida iqtisod magistri ilmiy darajasini olgan. Hozir ta`lim dargohida muallimlik qilish bilan birga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida katta ilmiy xodim hamdir.

Raufxon Salaxo`jaevning muvaffaqiyati Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti uchun London Iqtisod maktabi (Buyuk Britaniya), Angliya banki va Braun universiteti kabi nufuzli ilmiy markazlar qatoriga kirishga yo`l ochdi. O`zbekistonning ushbu reytingdagi ishtiroki mamlakatimiz nufuzi, ilmiy salohiyatiga baho berish, uning kelajakdagi iqtisodiy rivojiga ta`sir etishi shubhasiz.

Boshqa yangiliklar