“Terminal o`rniga QR-kod, karta o`rniga – smartfon” — Yagona umumrespublika prosessing markazi (YaUPM) ana shunday sarlavha ostida yangi to`lov tizimining joriy etilishi haqida e`lon qildi, deb yozadi “Norma”.
Ma`lumotlarga ko`ra, yangilikni QR-kod vositasida to`lovni amalga oshirish mexanizmini joriy etgan savdo-servis korxonalarida sinab ko`rish mumkin.
Savdo terminalidan foydalanmasdan to`lovni amalga oshirishning yangi tizimi Vazirlar Mahkamasining “2016-2018 yillar davrida O`zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risi”gi Qarorini (2015 yil 4 dekabrdagi) ro`yobga chiqarish doirasida moliyaviy xizmatlar bozorida onlayn-imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida joriy etilmoqda.
QR-kod o`zi nima, nima uchun kerak va undan qanday foydalanish zarur?
Ko`pchilik ichiga chalkash-chulkash shakllar joylashtirilgan oq-qora kvadratlar tasvirini payqagan bo`lsa kerak. Bunday tasvirlarni tovarlar etiketkalarida, kommunal to`lovlar kvitansiyalarida yoki saytlar sahifalarida uchratish mumkin. Mana shu QR-koddir. Ingliz tilidan tarjima qilganda «quick response» termini «tezkor javob» deb tarjima qilinadi. QR-kod ikki o`lchamli shtrix-kod bo`lib, axborotni vizual kodlashtirish uchun qo`llaniladi. Mazkur texnologiyadan turli sohalarda faol ravishda foydalanilmoqda.
QR-kod nima uchun kerak? Bu savol uni amalda qo`llashga kirishmagan har qanday odamda tug`ilishi turgan gap. QR-kod ishining asosiy tamoyili uning giperhavola tarzida ishlay olishidir. Bu ko`p ma`lumot haqida xabar berish zarur bo`lgan holatlarda yoki uni soddalashtirish kerak bo`lganda juda qulay. QR-kod suratlar mahsulot yoki xizmatni tanlash jarayonini osonlashtirishga qodir, chunki o`ram yoki reklama plakatidagi kichik kvadratchada 4296 tagacha ramzlar joylashtirilgan bo`lishi mumkin. Ular matn tarzida joylashtirish noqulay va qimmat bo`lgan ma`lumotlarni sig`dira oladi.
QR-kod kommunikasiya jarayonini ham optimallashtiradi. Masalan, tashrif qog`ozidagi belgida odatda telefon raqam shifrlangan bo`ladi, u birgina tugmani bosish bilan bog`lanishlar ro`yxatiga kiritilishi mumkin. Shuningdek, QR-kodlar yordamida havola bo`yicha o`tish, elektron xat, smsni yuborish, joyning koordinatalarini bilish va boshqalarni amalga oshirish mumkin.
Butun dunyoda elektron to`lovlarni amalga oshirishda QR-kodlardan faol ravishda foydalaniladi. Amaliyotda u quyidagicha ko`rinishda:
- xaridor o`z bank to`lov kartasini smartfondagi ilovaga bog`laydi;
- savdo tarmoqlarida xarid qilishda yoki xizmatlar uchun to`lovni amalga oshirishda u bank kartasidan foydalanmasdan mazkur ilova yordamida hisob-kitob qiladi.
Hisob-kitobning bunday usuli xaridor uchun ham, sotuvchi uchun ham oddiy bank plastik kartasidan to`lovni amalga oshirishdan ko`ra qulayroq. Chunki ushbu holatda kartani qabul qilish uchun terminalga hojat qolmaydi va xaridor uchun ham kartalarni karmonda olib yurishning keragi bo`lmaydi – smartfon ularning o`rnini bosadi.
Ma`lumotlarning xavfsizlik darajasini oshirish omili mazkur tizimdan foydalanishda muhim hisoblanadi. Endi kartani sotuvchiga berish yoki internet do`konlarning saytlarida rekvizitlarni kiritishning keragi yo`q.
«Kundalik hayotda QR-kodlardan foydalanish yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi, virtual hayot va reallik o`rtasida yana bir bog`liqlikni o`tkazadi», - deyiladi YaUPMning matbuot markazi tarqatgan ma`lumotda.






