O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federasiyasi Hukumati raisining o`rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko`plab yo`nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohada izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini alohida ta`kidladi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 2016 yil 6 sentyabr kuni Samarqandda bo`lib o`tgan uchrashuvi chog`ida erishilgan kelishuvlar faol va samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda Rossiya O`zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridandir. 2016 yil yakunlariga ko`ra, o`zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan. Tovar ayirboshlash hajmini yanada ko`paytirish maqsadida O`zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini "yashil yo`lak" orqali rossiyalik iste`molchilarga etkazishni tashkil etishga doir kelishuvlar imzolangan. Joriy yilda Rossiya bozoriga 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavotlar, shuningdek, ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar etkazib berish mo`ljallangan.
Hamkorlikning barcha yo`nalishlari, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari o`rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi.
Investisiyaviy hamkorlik kengayib bormoqda. Bugungi kunda O`zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 960 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyaning 64 etakchi kompaniyasi vakolatxonalari akkreditasiyadan o`tgan.
Neft-gaz sohasi bilan bir qatorda mashinasozlik, metallurgiya, to`qimachilik sanoati, farmasevtika, zamonaviy tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohalarida ham yangi investisiyaviy loyihalar tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Ta`lim va sog`liqni saqlash sohalarida yangi dastur va bitimlar ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi o`zaro manfaatli hamkorlik yo`nalishlarini yanada diversifikasiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat kompaniyalari o`rtasida uzoq muddatli amaliy aloqalarni o`rnatish, shuningdek, yangi qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya muhim o`rin tutayotganini qayd etdilar.
D.Kozak samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, Rossiya Federasiyasi O`zbekiston Respublikasi bilan keng ko`lamli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.